“Elektron poliklinika” tizimining yangi talqini sinov tariqasida ishga tushirildi

“Elektron poliklinika” tizimining yangi talqini sinov tariqasida ishga tushirildi

13 mart 2024

Toshkent shahrining Mirzo Ulugʻbek tumanida joylashgan 7-son oilaviy poliklinikada “Elektron poliklinika” axborot tizimining takomillashtirilgan yangi talqini sinov tariqasida ishga tushirildi. (https://t.me/ssvuz/15064)

Ushbu loyiha bemorlar, shifokor va hamshiralar uchun qanday qulayliklar yaratadi?

— Gap shundaki, avvalgi tizimdan farqli oʻlaroq, mazkur dasturning patronaj xizmati raqamlashtirilib, “Elektron retsept” (reimbursatsiya) tizimi joriy etilgan, — deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi boʻlim boshligʻi Nodir Eshnazarov. — Shuningdek, unda real vaqt rejimida statistik maʼlumotlarni shakllantirish va bemorlarga oid shaxsiy maʼlumotlarni yetarli darajada himoyalash taʼminlangan hamda axborot tizimlar oʻzaro integratsiya qilingan.

Takomillashtirilgan “Elektron poliklinika” axborot tizimining joriy etilishi hisobiga avval bemor shifokor qabulida 40 daqiqa navbat kutgan boʻlsa, endilikda mutaxassis koʻrigiga onlayn yozilish orqali bu vaqt 10 daqiqagacha qisqaradi.

Qolaversa:

  • avtomatik hisobot shakllanishi orqali oylik 28 turdagi blanka va formalar bekor qilindi;
  • tibbiy maʼlumotlarni elektron shaklda saqlash imkoni yaratildi;
  • tizim Davlat personallashtirish markazi, MIS-2 va Elektron hukumat platformalari bilan integratsiya qilindi.

Mazkur yangilikning yana bir qulayligi shundaki, oilaviy poliklinikaga kelgan bemorning yuzini aniqlash dasturlari orqali darhol xizmat koʻrsatish rejimiga oʻtiladi. Yaʼni fuqarodan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar soʻrash bilan ortiqcha vaqt yoʻqotilishi va ovoragarchiliklarga chek qoʻyiladi.

Shuningdek, uning yordamida yagona tibbiy raqam shakllantirilib, bemor statsionar davolanishlar yoki yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali koʻrsatiladigan xizmatlardan foydalanishi va oʻziga tegishli tibbiy maʼlumotnomalar bilan masofaviy tanishish imkoniga ega boʻladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр