“Elektron hukumat” rivoji masalasi muhokama qilindi

“Elektron hukumat” rivoji masalasi muhokama qilindi

03 iyun 2025

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning “BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish indeksida O‘zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi parlament so‘roviga yuborgan javobi muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, Prezidentning “O‘zbekiston — 2030” strategiyasi doirasida mamlakatimizni mintaqaviy IT-habga aylantirish va 2030 yilga qadar Elektron hukumat indeksida ilg‘or 30 mamlakat qatoriga kiritish ustuvor vazifalar sifatida belgilangan.

Mazkur maqsadlarni amalga oshirish doirasida “Raqamli hukumat loyiha ofisi” tashkil etilgan va sohadagi muammolarni bartaraf etish bo‘yicha aniq choralar ko‘rilmoqda.

2024 yilgi reyting natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 193 davlat orasida 63-o‘rinni egallab, avvalgi hisobot davriga nisbatan 6 pog‘onaga, oxirgi ikki reyting natijasi bo‘yicha esa 24 pog‘onaga yuqorilagan. Eng muhimi, mamlakat ilk bor “juda baland” (Very High EGDI) guruhiga kiritildi.

“Raqamli hukumat” dasturi doirasida 300 ta ustuvor loyiha belgilangan bo‘lib, shu paytgacha ulardan 258 tasi amalga oshirilgan, 42 tasi esa hozirgi kunda bajarilmoqda.

Shuningdek, 2023-2024 yillarda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining imkoniyatlari kengaytirilib, elektron xizmatlar soni 751 taga, mobil ilovadagi xizmatlar soni esa 565 taga yetdi. Foydalanuvchilar soni 11 milliondan oshdi.

Majlisda vazirning javobi ma’lumot uchun qabul qilinib, unda ko‘tarilgan masalalar bo‘yicha keng ma’lumotlar taqdim etilgani qayd etildi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр