Kuni kecha Toshkent shahrida GSMA M360 Eurasia xalqaro forumi doirasida axborot xavfsizligi va raqamli transformatsiya masalalariga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi.
Tadbirda davlat regulyatorlari, yirik aloqa operatorlari, xalqaro tashkilotlar hamda yetakchi texnologik kompaniyalar vakillari ishtirok etdi. Unda raqamli telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish va kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha qator masalalar muhokama qilindi.
GSMAning raqamlashtirish sohasidagi xalqaro tashabbuslari doirasida O‘zbekiston tomonidan axborot xavfsizligini kuchaytirish va fuqarolarni kibertahdidlardan himoya qilishga qaratilgan tizimli yondashuv namoyish etildi. Davra suhbatida muhokama qilingan asosiy mavzulardan biri — «O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi» DUK tomonidan joriy etilgan Antifrod tizimi bo‘ldi.
Ishtirokchilar tomonidan mazkur tizim orqali firibgarlik operatsiyalarining oldini olish, foydalanuvchi ma’lumotlariga ruxsatsiz kirish urinishlarini bartaraf etish borasidagi tajriba yuzasidan fikr almashildi. Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir yil mobaynida Antifrod tizimi orqali iste’molchilar mablag‘larini o‘g‘irlashga qaratilgan ko‘plab urinishlar barvaqt fosh etilgan.
Shuningdek, uchrashuvda raqamli jarayonlarni optimallashtirish, iste’molchilarni himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish, qonunchilik talablariga muvofiqlik va xizmatlar importini nazorat qilish masalalari ham muhokama qilindi. Tadbir ishtirokchilari iqtisodiy va strategik sheriklikni mustahkamlash, shuningdek, raqamli transformatsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Forum doirasidagi mazkur uchrashuv mintaqada axborot xavfsizligi yo‘nalishidagi hamkorlikni kuchaytirish va innovasion yechimlarni joriy etish uchun muhim muloqot maydoni vazifasini o‘tadi.