Bugun, 11-noyabr kuni "Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi" davlat muassasasi mutaxassislari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti (TATU) talabalari uchun seminar-trening oʻtkazdi. Tadbir my.gov.uz portali orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish mavzusida boʻldi.
Seminar davomida ishtirokchilar my.gov.uz portalida joriy etilgan yangi imkoniyatlar va qulayliklar, talabalar uchun dolzarb boʻlgan yangi turdagi elektron davlat xizmatlari (masalan, ijara kompensatsiyasi olish, oʻqishni koʻchirish) va ulardan foydalanish tartiblari, elektron xizmatlardan foydalanishda vaqtni tejash va shaffoflikni taʼminlash afzalliklari bilan yaqindan tanishtirildi.
Tadbir yakunida talabalar my.gov.uz orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislardan atroflicha javob olishdi, shuningdek, tizim boʻyicha oʻz takliflarini bildirishdi.
Raqamli hukumat markazi yoshlar bilan muloqotni davom ettirib, aholining keng qatlamini raqamli xizmatlardan foydalanishga oʻrgatish orqali mamlakatda "Elektron hukumat" tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan ishlarini izchil davom ettiradi.