AKT sohasidagi standartlar

«Standartlashtirish to‘g‘risida» O‘zbekiston Respublikasining qonuni

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini (AKT) jadallashtirish va rivojlantirish O'zbekiston Respublikasini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim vazifalaridan biri hisoblanadi. Standartlashtirish ushbu muammoni hal qilishda muhim rol o'ynaydi.

Standartlashtirish – haqiqatda mavjud yoki potentsial vazifalarga nisbatan umumiy va ko'p karrali foydalanish uchun qoidalarni belgilash vositasida muayyan sohada tartibga keltirishning optimal darajasiga erishishga qaratilgan ilmiy-texnik faoliyat. Aloqa va axborotlashtirish sohasida standartlashtirish bo'yicha faoliyatni boshqarish va ishlarni muvofiqlashtirishni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi amalga oshiradi.  

Aloqa va axborotlashtirish sohasida standartlashtirish bo'yicha faoliyatni rivojlantirish va takomillashtirish maqsadida O'zbekiston davlat standartlashtirish tizimining tarkibiy qismi hisoblangan tarmoq «Aloqa va axborotlashtirish sohasida standartlashtirish tizimi» yaratildi.  


Aloqa va axborotlashtirish sohasidagi standartlashtirish tizimining asosiy printsiplari quyidagilardan iborat:

  • normativ hujjatlarning texnik, ijtimoiy zarurligi va maqbulligini hisobga olgan holda ularni ishlab chiqishning maqsadga muvofiqligi;
  • standartlashtirishning o'zaro bog'langan ob'ektlarini standartlashtirish kompleksliligi,shu jumladan ushbu ob'ektlarga qo'yiladigan kelishilgan talablarni ishlab chiqish va normativ hujjatlarni amalga kiritish muddatlarini muvofiqlashtirish asosida metrologik ta'minot;
  • aloqa va axborotlashtirish sohasida ishlab chiqiladigan normativ hujjatlarning fan, texnikaning zamonaviy yutuqlariga, aloqa va axborotlashtirish sohasini rivojlantirish tendentsiyalari, ilg'or tajriba, qonun hujjatlariga muvofiqligini ta'minlash;
  • standartlashtirish bo'yicha barcha darajadagi normativ hujjatlarning o'zaro bog'liqligi va kelishilganligi, normativ hujjatlar ishlab chiqilishini boshqaruvning turli darajalardagi standartlashtirish identik ob'ektlariga takrorlanishini istisno etish;
  • standartlashtirish bo'yicha normativ hujjatlar, dasturlar va ishlar rejasi to'g'risidagi axborotning ochiqligi;
  • normativ hujjatlarni ko'pchilik manfaatdor tomonlar kelishuviga erishish asosida tasdiqlash;
  • normativ hujjatlardan sertifikatlashtirish va metrologiya maqsadlari uchun foydalanish imkoniyati;
  • standartlashtirish sohasida zamonaviy axborot tizimlari va texnologiyalarini qo'llash.

Xo'jalik yurituvchi sub'ektlar tomonidan xalqaro, davlatlararo, milliy, mintaqaviy va davlat hamda tarmoq standartlarining keng qo'llanishi uchun Standartlashtirish tayanch tashkiloti tomonidan normativ hujjatlar fondi yaratildi va yuritiladi.