O‘zbekiston Prezidentining “Biznes yuritishni hamda litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini soddalashtirishga doir navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF–214-sonli farmoni qabul qilindi.
Farmonni qabul qilishdan asosiy maqsad etib tadbirkorlarning ma’muriy xarajatlarini 90 mlrd so‘mgacha qisqartirish, davlat organlari bilan o‘zaro hamkorlik jarayonlarida 15 kungacha vaqtini tejash belgilandi.
2026-yil 1-yanvardan “Biznesni 15 daqiqada boshlash” tamoyili asosida tadbirkorlik sub’yekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilayotganda bir vaqtning o‘zida quyidagi xizmatlar taqdim etiladi:
- ERI kalitini berish;
- Bank hisobvaraqlarini ochish bo‘yicha ariza qabul qilish va ularni faollashtirish;
- Ayrim faoliyat turlari uchun litsenziya va ruxsatnoma olishga ariza yuborish;
- Ko‘chmas mulk ijara shartnomasini rasmiylashtirish;
- QQS to‘lovchisi guvohnomasini olish;
- Onlayn NKMni sotib olish va soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish;
- Yuridik shaxs rahbarini tayinlash va uni “Yagona milliy mehnat tizimi”da hisobga qo‘yish.
Tadbirkor ushbu xizmatlardan ixtiyoriy ravishda foydalanadi va barcha tanlangan xizmatlar uchun yagona QR kod orqali to‘lov qilish imkoniyati yaratiladi.
YTTlar uchun yangi imkoniyatlar
2026-yil 1-yanvardan:
- Yakka tartibdagi tadbirkorlarga firma nomiga ega bo‘lish huquqi beriladi.
- Tadbirkorning birlamchi ma’lumotlari o‘zgarganda bu o‘zgarishlar YaTT guvohnomasi, litsenziya va xabarnomalarga avtomatik tarzda va bepul kiritiladi.
Javobgarlikdagi o‘zgarishlar
2026-yil 1-martdan:
- Litsenziyalash va ruxsat berish sohasida qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan yuridik shaxslarga jarima qo‘llanilganda, ularning mansabdor shaxslarini ma’muriy javobgarlikka tortish amaliyoti bekor qilinadi.
- “Litsenziya” axborot tizimida hujjatlar olish jarayoni bo‘yicha ixtiyoriy dastlabki baholash xizmati yo‘lga qo‘yiladi.