Yaqinda BMTning jahon mamlakatlarining Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi (E-Government Development Index,EGDI — UN E-Government Survey 2022) e’lon qilindi.
2022-yilgi sharhda qayd etilishicha, EGDI (Elektron hukumatni rivojlantirish indeksi) normallashtirilgan nisbiy indeks bo‘lib, mamlakatlarning EGDI ko‘rsatkichlaridagi uncha katta bo‘lmagan farqlar EGDI ko‘rsatkichi pastroq mamlakat tadqiqot qamrab olgan so‘nggi ikki yilda yomon natija qayd etganini anglatmaydi. Xuddi shuningdek EGDI ko‘rsatkichi nisbatan yaxshiroq mamlakat (ayniqsa, reyting yetakchilari orasida) boshqalardan ancha o‘zib ketgan emas.
Ta’kidlanishicha, har bir mamlakat o‘z raqamli hukumati maqsad darajalari va ko‘lamlarini o‘z milliy rivojlanishi asnosida belgilashi maqsadga muvofiqdir. EGDI esa — elektron hukumat qanday rivojlanayotganini aniqlash uchun qiyosiy vosita.
2022-yilgi Indeksda eng yuqori (Very High, VH) darajada rivojlangan elektron hukumatlar guruhi deyarli o‘zgarmadi — ikki yil oldingi yetakchilar yuqori o‘rinlarda qoldi. Shuningdek, ro‘yxat 14 tadan 15 taga kengaydi: guruhga Malta va Birlashgan Arab Amirliklari qo‘shilib, Norvegiya guruhni tark etdi (V3 guruhiga o‘tdi).
Jahondagi eng yaxshi 15 ta elektron hukumat guruhi faqat eng taraqqiy etgan mamlakatlardan tashkil topdi.
Daniya elektron hukumati qatorasiga 3-marta dunyoda eng yaxshi, deb topildi.
Yetakchi 15 elektron hukumatning 6 tasi — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari. Malta 2022-yilda ushbu guruhga qo‘shilgan Janubiy Yevropadagi yagona mamlakat bo‘ldi. Ushbu mamlakat 2020-yildan beri uch subindeks (OSI, TII hamda HCI) bo‘yicha o‘rtacha 4,6 foizga holatini yaxshiladi.
Subindekslarida eng sezilarli o‘zgarishlar bo‘lgan mamlaatlar: Shvetsiya (OSI da 10 foiz o‘sish), Niderlandiya (TII da 4,4 foiz o‘sish) va BAA (HCI da 19 foiz o‘sish).
Ma’lumot uchun:
VH (eng yuqori) toifaga mansub top-15 qit’alar kesimida
Qatorasiga uchinchi marta (olti yildan beri) elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha Avstraliya va Yangi Zelandiya — Okeaniyada, AQSh — Shimoliy va Janubiy Amerikada, Koreya Respublikasi — Osiyoda yetakchi mavqeini saqlab qoldi.
Afrikadan bironta ham mamlakat VH guruhiga kirmadi.