Ijtimoiy himoya milliy agentligining mamlakatimizda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashdagi o‘rni juda katta. Ushbu sohani raqamlashtirish ijtimoiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
«Qulay hayot» loyihamizning bu galgi soniga agentlikning mas’ul xodimi Bekzod Rahmonovni taklif qildik.
— Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami bilan olib borilayotgan ishlarni kuzatib kelyapmiz. Shu kungacha aynan qaysi aholi qatlamining ko‘proq himoyaga muhtojligi aniqlandi?
— Ilgari ijtimoiy himoya masalasini bir nechta vazirlik va idoralar o‘zaro nazoratga olgan edi. O‘tgan yili barchasi birlashtirilib, Ijtimoiy himoya miliy agentligi tashkil topdi. Xususan, 12 toifa himoyaga muhtoj aholi qatlamiga yordam ko‘rsatiladi. Murojaatlar soniga e’tibor bersak, o‘zgalar parvarishiga muhtoj aholi toifasi bugungi kunda 47 mingdan ortiq. Ular yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Yana bir toifa bu — ota-ona qaramog‘idan mahrum yetimlar va ota-onasi uch oydan ortiq vaqt mobaynida migratsiyada bo‘lgan bolalar, ularning soni 63 mingdan ziyod. Ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmatlar va yordamlar agentlik tomonidan nazorat qilinadi hamda monitoring olib boriladi.
Umumiy raqamlar shuni ko‘rsatadiki, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlami ko‘p, ammo eng katta vazifalarimiz —og‘ir vaziyatdagi shaxslarni tezroq aniqlash va ular bilan individual ishlash, ularni tezroq jamiyatga moslashuvini ta’minlash.
— Ijtimoiy himoya tizimi qanday ishlaydi va bu borada raqamli texnologiyalarning o‘rniga ham to‘xtalsangiz.
— Ijtimoiy himoya milliy agentligi dastavval respublika miqyosida dastur ishlab chiqadi va umumiy faoliyatni muvofiqlashtiradi. Yuqoridan eng quyi bo‘g‘ingacha tizim shakllangan bo‘lib, to‘rtta viloyatda hududiy boshqarmalar mavjud, bundan tashqari har bir tumanda «Inson» ijtimoiy himoya markazlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, mahallalarda bugungi kunda 4 708 nafar ijtimoiy xodim faoliyat yuritadi. Yordamga muhtoj aholi ariza bilan murojaat qilganda, ijtimoiy xodim vakili vaziyatni o‘rganishni boshlaydi, ana shu yerda ijtimoiy himoya tizimi ishga tushadi. Mahallabay ishlash prinsipi kompleksli bo‘lib, faqat ariza orqali emas, balki xonadonbay o‘rganish orqali ham himoyaga muhtoj aholi qatlami aniqlanadi va yordam ko‘rsatiladi.
— Hududlarda tashkil etilgan «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi faoliyatidan qanday maqsadlar ko‘zlangan?
— «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazi respublikada joriy etilgan dasturlarning mahallada ijro etilishiga mas’ul. Shuningdek, turli idoralar bilan integratsiyani yo‘lga qo‘yadi va mahalladagi ijtimoiy xodim faoliyatini muvofiqlashtiradi. Aholimiz bemalol o‘zlarini qiynayotgan masalalar yuzasidan tuman markazlariga yoki o‘z mahallalariga murojaat qilishlari mumkin.
— Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan «G‘amxo‘rlik guruhi» haqida gapirib bersangiz?
— Joriy yilning 1 avgustidan boshlab, ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari Agentlik ta’sisligiga o‘tdi. Shuningdek maktabgacha va maktab ta’lim muassasalarida o‘qishga ruxsat etilmagan bolalar ham bor. Ushbu ta’lim muassasalari huzurida tashkil etilgan G‘amxo‘rlik guruhlari orqali aqliy zaif bo‘lgan bolalarning ijtimoiylashuviga yordam ko‘rsatiladi va maxsus dasturlar yordamida ta’lim beriladi. Bu orqali ularning ota-onalariga ham yengillik yaratildi, negaki kun-u tun bolaga g‘amxo‘rlik qilish juda qiyin.
— Ish bilan ta’minlash masalalariga e’tibor bersak, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslar asosan qaysi sohalarga yo‘naltirilmoqda? Ular orasida zamonaviy kasblar ham bormi?
—Ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini ish bilan ta’minlash agentlik uchun eng dolzarb masalalardan biridir, bu borada tegishli idoralar bilan hamkorliklar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ularni ishga olish bilan bog‘liq tartib-tamoyil qayta ko‘rib chiqildi va imkoniyati cheklanganlar uchun e’lon qilingan vakansiyalar uchun test sinovlari bekor qilindi. Ular suhbat asosida ishga qabul qilinadilar. Mahalladagi kompleks xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar tomonidan aholining bandlik ko‘rsatkichlari aniqlanadi va kerak bo‘lgan taqdirda bandlik markazlariga yo‘naliriladi. Zamonaviy kasblarga keladigan bo‘lsak, bugungi kunda agentlik tomonidan aynan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi uchun huquqiy normativ hujjatlar shakllantirildi. Bu borada ko‘plab xususiy tashkilotlar, o‘zini-o‘zi band qilish markazlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
— «Ijtimoiy karta» AT borasida bilishimiz kerak bo‘lgan foydali ma’lumotlar bilan ulashsangiz. U qanday ishlaydi o‘zi?
— Ushbu karta ijtimoiy himoya tizimini raqamlashtirish jarayonidagi eng muhim qadam deyish mumkin. Unda 72 dan ortiq xizmatlar, fuqarolar uchun yaratilgan 200 dan ortiq imtiyozlar raqamlashtirilgan. Ushbu AT bank kartasi, shuningdek guvohnoma o‘rnini bosa oladi. Ya’ni barcha beriladigan yordam pullari ushbu kartaga tushadi va shu o‘rinda hujjat sifatida tan olinadi. Ushbu karta yordamida ma’lum bir joylarda talab etiladigan 50 dan ortiq hujjat turlari bekor qilinadi. Bu, birinchi navbatda, aholiga qulaylik yaratadi, xizmatlardan onlayn foydalanish imkonini beradi, shuningdek Agentlik tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy ko‘maklarni qay darajada samaradorligini kuzatib borish imkoniyati mavjud.
— Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun yaratilgan imkoniyat va qulayliklar, xususan, my.gov.uz orqali davlat xizmatlarini ko‘rsatishda inklyuzivlikni ta’minlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot bersangiz.
— Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida ijtimoiy himoya nomli alohida bo‘lim ochilgan bo‘lib, unda 57 davlat xizmatlari raqamlashtirilgan. Bu orqali aholining murojaat qilish imkoniyatini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Raqamlashtirish keng joriy qilingan sohada, albatta, inson omili kamayadi, tizim shaffofligi ta’minlanadi, eng muhimi, aholining xizmatlardan qoniqish darajasi ortadi.
— Tizimni raqamlashtirish bo‘yicha kutilayotgan yangilik va rejalar bilan bo‘lishsangiz.
— Birinchi navbatda ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish metodologiyasi ishlab chiqildi, keyingi o‘rinda ularni raqamlashtirishga e’tibor qaratildi. Endilikda oldimizda turgan katta maqsadlardan biri — ushbu metodologiyalarni yagona platformaga jamlab, samaradorlik ko‘rsatkichlari nazoratini yo‘lga qo‘yishdir. Bu, o‘z navbatida, har bir tuman, mahalladagi vaziyatni chuqurroq o‘rganishga yordam beradi.