2022-2023-o‘quv yilida respublika umumiy o‘rta ta’lim maktablarining 1-sinfiga 700 mingdan ortiq bolalarni qabul qilish rejalashtirilgan.
Ota-onalarga quylaylik yaratish va qabul jarayonlarini tartibli tashkil etish maqsadida 1-sinfga qabul 2 bosqichda amalga oshiriladi:
Avvalgi yillar tajribasidan kelib chiqib hamda belgilangan Prezident qarorlariga muvofiq, Toshkent shahri, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning markazidagi jami 25 ta shahar va tumanlardagi 816 ta umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul jarayonlari ELEKTRON ShAKLDA amalga oshiriladi.
Bunda, ushbu hududlarda ota-onalar uydan chiqmagan holda my.maktab.uz elektron plaftormasi orqali ro‘yxatdan o‘tib, 20-iyundan - 31-iyulgacha biriktirilgan mikrohudud doirasida hamda 1-avgustdan 15-avgustga qadar mikrohududdan tashqari farzandlarini maktabga joylashtirishi mumkin bo‘ladi.
Qolgan hududlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarning boshqa tuman (shahar)laridagi umumta’lim maktablarida 1-sinfga qabul belgilangan tartibda AN’ANAVIY ShAKLDA, ya’ni bevosita maktabda amalga oshiriladi. Bunda ota-onalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri maktab qabul komissiyasiga murojaat etishlari mumkin bo‘ladi.
Chet el fuqarolarining farzandlari hududiy boshqarmalar orqali belgilangan tartibda umumta’lim maktablariga qabul qilinadi.
Nodavlat ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari o‘zlari tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Barcha hududiy boshqarmalar va tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limlariga qabul jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha shtablar tashkil etiladi.
Bu yil 1-sinflarga 2015-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar tug‘ilgan bolalar qabul qilinadi.
Olti yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga bir yillik majburiy tayyorlash Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.