Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi xodimlari O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi G‘alaba bog‘i yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga tashrif buyurishdi. Muzeyda Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan o‘zbekistonliklar haqidagi ma’lumotlar, o‘sha davrlar ruhini to‘liq his etishga imkon beruvchi eksponatlar o‘rin olgan.
Muzeyning kirish qismida O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Aliqulov qalamiga mansub asarning 22 metrlik pannosi ilingan. Unda frontga yo‘l olayotgan askarlarning kuzatish jarayoni, front ortidan yuklarning jo‘natilishi, 1941—1945-yillar davomidagi Ikkinchi jahon urushi davrida O‘zbekiston hududlaridagi umumiy jarayon jonli tarzda aks ettirilgan.
Xodimlar o‘zbekistonliklarning asosiy front va chegara postlarida olib borgan kurashlari, ichki ishlar, razvedka faoliyatidagi mardonavor xatti-harakatlari qayd etilgan tarixiy hujjatlar, ularning suratlari va ular haqidagi ma’lumotlar bilan tanishdilar.
Muzeyga tashrif tinchlik qadrini yanada chuqurroq anglash, tarixiy xotirani asrab-avaylash va kelajak avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash qanchalik muhim ekanini eslatdi.