Muhim qadam: Moliyaviy hisobotlarni topshirish jarayonlari raqamlashtirildi!

Muhim qadam: Moliyaviy hisobotlarni topshirish jarayonlari raqamlashtirildi!

21 noyabr 2025

Raqamli texnologiyalar vazirligi tashabbusi bilan Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda UZINFOCOM hamkorligida tadbirkorlik subyektlari uchun moliyaviy hisobotlarni topshirish jarayonini tubdan yengillashtiruvchi texnik yechim joriy etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-282-son qaroriga muvofiq, Moliyaviy hisobotlarning xalqaro standarti (MHXS) asosida hisobot topshiruvchi tashkilotlar uchun Yagona hisobotlar tizimida (hisobot.gov.uz) avtomatlashtirish mexanizmi joriy qilindi.

Bu tadbirkorlar uchun katta qulaylik boʻlib, endilikda ularning moliyaviy hisobotlari hisobot.gov.uz portalidagi shaxsiy kabinetida avtomatik ravishda shakllanadi. Mazkur mexanizm vaqtni tejaydi, shu bilan birga hisobotlardagi texnik xatoliklarning oldini oladi.

Tizimning davlat tashkilotlariga moʻljallangan qismida (authority.hisobot.gov.uz) ham takomillashtirish ishlari yakunlandi. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Markaziy bank hamda Soliq qoʻmitasi masʼullari uchun hisobotlarni qabul qilish va tahlil qilishda qoʻshimcha nazorat imkoniyatlari yaratildi. Bu moliyaviy maʼlumotlarning sifati va ishonchliligini oshiradi.

Yangi tizim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-8-son qarori asosida "Yagona integrator – UZINFOCOM" MCHJ tomonidan ishlab chiqilgan boʻlib, joriy yilning mart oyida sinov tartibida ishga tushirilgan edi.

Joriy yilning 20-noyabr kuni mutasaddi tashkilotlar vakillari uchun Yagona hisobotlar tizimining yangi imkoniyatlari boʻyicha taqdimot seminari oʻtkazildi.

Raqamli texnologiyalar vazirligi muvofiqlashtiruvidagi ushbu tashabbus Oʻzbekistonda hisob tizimini xalqaro talablarga javob berish darajasiga olib chiqishda muhim strategik qadamdir.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр