Bu yilgi Navro‘z bayrami mamlakatimizning barcha hududlarida o‘zgacha shukuh va ko‘tarinki ruhda nishonlanmoqda.
17-18 mart kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bo‘lib o‘tgan "Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin – Navro‘z!" shiori ostidagi Navro‘z sayli Raqamli texnologiyalar vazirligi va tizim tashkilotlari xodimlari, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar hamda ko‘plab mehmonlarni birlashtirdi.
Sayilda talaba-yoshlar stol tennisi, shaxmat-shashka, armrestling, arqon tortish, milliy kurash va tosh ko‘tarish kabi sport turlarida o‘z kuchlarini sinab ko‘rishdi. Fakultetlar o‘rtasida osh chempionati va sumalak sayli o‘tkazildi. Vatanni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlar va raqs chiqishlari namoyish etildi.
O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining turli hududlari an’analari va urf-odatlari aks etgan milliy burchaklar ko‘zlarni quvontirdi. O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi orkestri va kursantlarining harbiy-jangovar chiqishlari bayramga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.
Sayil so‘ngida talabalarga bahoriy sumalak va milliy taom - osh tarqatildi. Milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimiz va an’analarimizni targ‘ib etuvchi sahna bezaklari, bahoriy dasturxonlar va milliy kuy-qo‘shiqlar barchaga ko‘tarinki kayfiyat ulashdi.