O‘zbekistonda “Shajara” axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekistonda “Shajara” axborot tizimi yo‘lga qo‘yiladi

21 noyabr 2025

Prezident Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta’lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda O‘zbekistonda arxiv ishini modernizatsiya qilish va raqamlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli vazifalar belgilab berildi.

Bugungi kunda mamlakat arxivlarida 16 milliondan ortiq hujjat to‘plami, shu jumladan 1,3 millionta qimmatli va noyob hujjat saqlanmoqda. Biroq hujjatlarni raqamlashtirish sur’ati hozircha yiliga atigi 2 foizni tashkil etayotgani ta’kidlandi.

Shundan kelib chiqib, 2030-yilga qadar arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60 foizga yetkazish, qimmatli va noyob hujjatlarni esa to‘liq raqamlashtirish vazifasi qo‘yildi.

Davlat rahbari tomonidan belgilangan ustuvor yo‘nalishlar quyidagilardan iborat:

  1. Yagona milliy arxiv axborot tizimini shakllantirish.
    Sohadagi barcha axborot tizimlari yagona platformaga birlashtirilib, hujjatlarni saqlash va boshqarishning markazlashgan mexanizmi yaratiladi.
  2. RFID texnologiyasini joriy etish.
    Arxiv hujjatlari radiochastotali identifikatsiya (RFID) belgilar orqali hisobga olinib, ularning harakati va saqlanishi to‘liq onlayn kuzatiladi.
  3. Sun’iy intellektni hujjatlarni tasniflash jarayoniga integratsiya qilish.
    SI texnologiyalari asosida hujjatlarning turi, mazmuni va tegishliligi avtomat ravishda aniqlanadi, bu esa ish samaradorligini sezilarli oshiradi.
  4. Tuman va shahar arxivlari vazifalarini hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkazish.
    Arxivlarni boshqarish tizimi optimallashtirilib, hududiy darajada yagona boshqaruv amaliyoti joriy etiladi.

Taqdimotda aholining shaxsiy manfaatlarini hamda raqamli xizmatlarga bo‘lgan talabni inobatga olgan holda “Shajara” axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi servis foydalanuvchilarga:

  • o‘z shajarasi to‘g‘risida ma’lumot shakllantirish;
  • tug‘ilish, nikoh va o‘lim kabi aktlar haqidagi ma’lumotlarni olish;
  • genetik ma’lumotlar asosida uzoq qarindoshlarni aniqlash imkonini beradi.

Islohotlar natijasida arxiv hujjatlariga ishlov berish tezlashadi, noyob hujjatlarning saqlanishi kafolatlanadi, aholi va tadbirkorlik sub’yektlari uchun elektron xizmatlar kengayadi.

Prezident ta’kidlaganidek, raqamlashtirish sohasida belgilangan vazifalarni tizimli amalga oshirish arxiv tizimida samaradorlikni oshirib, fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlarni yanada qulay va tezkor bo‘lishiga xizmat qiladi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр