O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivoji: Prezident taqdimot bilan tanishdi

O‘zbekistonda sun’iy intellekt rivoji: Prezident taqdimot bilan tanishdi

06 oktyabr 2025

Bugun, 6-oktyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda sun’iy intellekt (SI) texnologiyalarini rivojlantirish hamda ularni iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarga joriy etish yuzasidan tayyorlangan taqdimot bilan tanishdi.

Dunyo miqyosida SI iqtisodiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash, xavfsizlik va boshqa muhim yo‘nalishlarda asosiy vositaga aylanib bormoqda. Bu texnologiyalar davlat boshqaruvida samaradorlikni oshirish, resurslardan tejamkor foydalanish va aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

So‘nggi yillarda O‘zbekistonda ham bu yo‘nalishda tizimli islohotlar amalga oshirilib, mamlakatimiz SIni tatbiq etish bo‘yicha xalqaro reytingda 17 pog‘ona yuqoriladi. Hozirda yurtimiz 188 davlat orasida 70-o‘rinni, Markaziy Osiyo bo‘yicha esa birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Prezident ta’kidlaganidek, bu natijalar sohadagi ilk qadamlarning samarasidir. Ammo oldinda hali katta vazifalar turibdi. Shu maqsadda o‘tgan yili 2030-yilgacha mo‘ljallangan Sun’iy intellektni rivojlantirish strategiyasi qabul qilindi va Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida maxsus markaz tashkil etildi.

Taqdimotda sohani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi. Iqtisodiyot va ijtimoiy sohalarda SI loyihalarini amalga oshirish uchun 50 million dollar mablag‘ ajratildi. Sog‘liqni saqlash, ta’lim, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, ekologiya va moliya sohalarini qamrab olgan 86 ta loyiha shakllantirilgan. Shu bilan birga, SI uchun zarur hisoblash imkoniyatlarini yaratish maqsadida superkompyuter klasteri barpo etish ishlari olib borilmoqda.

– Sun’iy intellektni tezroq rivojlantirish uchun ilg‘or xorijiy va mahalliy tajribalarni o‘rganish, sohada faol vatandoshlarimiz va ekspertlar bilan hamkorlik qilish zarur, – dedi davlat rahbari.

Shuningdek, taqdimotda ma’lumotlar markazlarini qurish, bu yo‘nalishga investitsiya kiritmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar uchun qulay muhit yaratish masalalariga ham e’tibor qaratildi.

SI rivojining asosiy omili – malakali kadrlar tayyorlashdir. Prezident bu jarayonni maktab bosqichidan boshlash, informatika o‘qituvchilarini qayta tayyorlash va yangi avlod darsliklarini ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.

Hozirda “Bir million sun’iy intellekt yetakchilari” milliy dasturi doirasida yoshlar uchun aistudy.uz va omp.aistudy.uz platformalari orqali beshta bepul onlayn kurs ishga tushirilgan. Dastur doirasida 2027-yilga qadar 1 million nafar yosh SI sohasida bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Yoshlarning ilg‘or g‘oya va loyihalarini aniqlash uchun mamlakat bo‘ylab SI xakatonlari tashkil etilmoqda. Yaqinda Nukus shahrida sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi “HealthTech AI Hackathon” muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Prezident bu tajribani ta’lim, sud tizimi, suv xo‘jaligi va tadbirkorlik sohalarida ham kengaytirish zarurligini ta’kidladi.

Yig‘ilish yakunida davlatimiz rahbari sun’iy intellektni joriy etishni jadallashtirish, ilg‘or tajribalarni amaliyotga tatbiq etish hamda sohada kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi.
 

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр