Prezident Shavkat Mirziyoyev favqulodda vaziyatlarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.
Uchrashuvda aholi xavfsizligi eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etildi. Ta’kidlanishicha, turli xavflar tobora ko‘payib borayotgan hozirgi zamonda favqulodda vaziyatlar organlari tizimini zamon talablariga mos ravishda yangilash zarurati mavjud.
Sohada 30 dan ziyod qonun hujjatlari qabul qilingan bo‘lsa-da, hozircha favqulodda vaziyatlar muhofazasi bo‘yicha yagona kompleks dastur yo‘q. Shuningdek, 16 yil oldin qabul qilingan “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun ham amalda eskirgani qayd etildi.
Prezident tizimni proaktiv, ya’ni favqulodda holatlarni oldindan baholay oladigan va tezkor chora ko‘radigan shaklga o‘tkazish vazifasini qo‘ydi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirgi profilaktika ishlari asosan davlat idoralarida amalga oshirilyapti. Biroq favqulodda holatlarning 70 foizidan ortig‘i aholi xonadonlarida nosoz gaz va elektr jihozlaridan foydalanish yoki xavfsizlik qoidalariga rioya qilmaslik natijasida yuzaga kelmoqda. Shu bois, bu yo‘nalishdagi ishlar mahallalar darajasida tashkil etilishi, har bir ko‘cha va xonadon qamrab olinishi zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, sohada raqamli texnologiyalardan foydalanish darajasi past ekani ko‘rsatib o‘tildi. Prezident raqamli infratuzilma yaratish, favqulodda vaziyat haqida xabar berishdan tortib uni bartaraf etishgacha bo‘lgan jarayonlarni raqamlashtirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berdi.
Favqulodda holatlarga tezkor javob qaytarish uchun zamonaviy texnika va jihozlarni ko‘paytirish, ularni mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish zarurligi qayd etildi.