Raqamli texnologiyalar vaziri yoshlar bilan uchrashdi

Raqamli texnologiyalar vaziri yoshlar bilan uchrashdi

24 iyun 2023

Joriy yilning 23-iyun kuni Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovning AyTi sohasiga qiziquvchi va ushbu yo‘nalishda ta’lim oluvchi yoshlar bilan navbatdagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Bu galgi uchrashuv ayni yoz oqshomlarida yoshlarga o‘zgacha motivatsiya, ko‘tarinki kayfiyat berish maqsadida poytaxtimizdagi Yapon bog‘ida bo‘lib o‘tdi.

Yoshlar oyligi doirasida tashkil etilgan uchrashuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad — yoshlarning axborot texnologiyalari borasidagi fikrini tinglash hamda ular tomonidan ko‘tarilgan masalalarning yechimini topishdir.

Qolaversa, davlatimiz tomonidan AyTi sohasida yoshlar uchun yaratilayotgan shart-sharoit va keng imkoniyatlardan ularni boxabar etishdir.

Ochiq osmon ostida, tabiat qo‘ynida tashkil etilgan uchrashuvda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov “O‘zbekistondagi TOP AyTi universitetlar“ loyihasi misolida hozirgi kunda yoshlarga axborot texnologiyalari bo‘yicha ta’lim berishda yetakchilik qilib kelayotgan universitetlarni alohida e’tirof etib o‘tdi.

Ayniqsa, yoshlar e’tiborini AyTi sohasiga jalb qilish va ularni jahon bozorida raqobatlasha oladigan innovatsion yechimlar va ishlanmalarni yaratishga undash maqsadida tashkil etilgan umumiy mukofot jamg‘armasi 1 000 000 AQSh dollar bo‘lgan President Tech Award tanlovi haqida aytib o‘tar ekan, Sherzod Shermatov yoshlarga yangidan-yangi startap loyiharni amalga oshirishlari va AyTi sohasining rivoji uchun yanada yaxshiroq harakat qilishlari lozimligini alohida ta’kidladi.

Bundan tashqari, ushbu tanlovdan mamlakatimizdagi barcha yoshlarni boxabar etish maqsadida targ‘ibot-tashviqot ishlarini yanada jadallashtirish muhimligini ham aytib o‘tdi.

Shuningdek, Raqamli texnologiyalar vaziri yoshlar bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuv davomida AyTi sohasida ayollar salohiyatini oshirish masalalariga ham alohida to‘xtalib, yig‘ilganlarni mazkur sohada xotin-qizlarning rolini oshirish bo‘yicha o‘zlarining takliflarini bildirishga chorladi.

Umid qilamizki, bo‘lib o‘tgan uchrashuv yoshlarimizning AyTi sohasida o‘z o‘rnini topib, mehnati, bilimi va salohiyati bilan kelgusida raqobatbardosh kadr bo‘lib yetishishlarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр