Prezident farmoniga asosan Yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘ini ishlab chiqish vazifasi belgilangandi.
Fuqarolarning axborot kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyatini oshirish, xususan, turli yosh toifasi uchun mo‘ljallangan o‘quv kurslari hamda onlayn dasturlarni, professional ta’lim tizimining tegishli darsliklariga kiritilgan media savodxonlik mavzularini ommalashtirish kabi vazifalar ijrosi doirasida Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bir qancha ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, umumta’lim va «Barkamol avlod» bolalar maktablarining 12 mingdan ortiq kompyuter sinf xonalari, shuningdek, o‘quv ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari xonasi ichki lokal tarmoq hamda o‘qituvchilar xonasi Wi-Fi qurilmalari bilan ta’minlandi.
Shuningdek, umumta’lim muassasalarida Yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘i yaratilib, 2 ming (20%) maktabda joriy qilindi.
Bundan tashqari 6,5 ming nafar (41%) informatika o‘qituvchilari Python, C++, Scratch kabi zamonaviy dasturlash tillari bo‘yicha o‘qitildi. Shuningdek, mahalliy hokimliklar bilan birgalikda (Jizzax, Namangan, Xorazm, Samarqand) 2,5 ming nafarga yaqin umumta’lim maktablari direktorlari IT-Ragk o‘quv markazlarida «AKT savodxonlik» bo‘yicha malaka oshirish kurslarida o‘qitildi.
Vazirlik tomonidan bir qator elektron ta’lim resurslari (Maktab.uz, Kitob.uz, Edukids, Smartland va boshqalar) ishlab chiqilgan bo‘lib, maktab o‘quv dasturi bo‘yicha tayyorlangan 14 000 dan ortiq videodarslar, 4 000 dan ortiq taqdimotlar, shuningdek, 4000 ga yaqin elektron va audio kitoblar hamda 2 000 dan ortiq interaktiv ko‘rinishdagi mantiqiy o‘yinlar to‘plami o‘quvchilar foydalanishlari uchun platformalarga joylashtirildi.
Yuqoridagilarga qo‘shimcha tarzda, Yagona «Elektron ta’lim» tarmog‘ini joriy etish doirasida o‘quvchilarga zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun video va animatsion kontentlarni yaratish yo‘lga qo‘yildi.
Xususan:
◾️ 1-4 - sinflar uchun — interaktiv o‘qitish usulidan foydalanib amaliy mashg‘ulotlar uchun 84 ta multiplikatsion videokontent;
◾️ 5-8 - sinflar uchun — o‘quvchilarning shaxsiy rivojlanishiga qaratilgan IT dasturlash, foto va video tahrirlash hamda raqamli marketing yo‘nalishlarida amaliy mashg‘ulotlarni o‘z ichiga olgan 120 ta videokontent;
◾️ 9-11 - sinflar uchun — o‘quvchilarni kasbga yo‘naltirish va kasbiy malakasini oshirish bo‘yicha zamonaviy kasblar (AUTOCAD, 3DsMAX, 2D va 3D animatsiya) hamda biznes tushunchalarini shakllantirishga (Biznesni tashkil etish asoslari, logistika ta’minoti bilan ishlash usuli Dispatching, Internet tijoratidan unumli foydalanish E-commerce), shuningdek, sun’iy intellekt mohiyati va undan foydalanishga qaratilgan 250 ta videokontent yaratildi.
Ma’lumot uchun: Jami 454 ta (110 soatlik, har biri o‘rtacha 15 daqiqalik) video va animatsion interaktiv foydali ta’lim resurslardan iborat kontentlar ishlab chiqildi.
Mazkur ta’lim resurslari Xalq ta’limi vazirligining Maktab.uz portali va YouTubeda maxsus yaratilgan «Milliy ta’lim resurslari» kanaliga joylashtirilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari tomonidan ushbu video kontentlar 120 ming marta tomosha qilingan.