Toshkentda “Davlat siyosatini shaklantirishda imkoniyatlarni kengaytirgan holda: ma’lumotlar asosida qaror qabul qilish” mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.
Unda Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar xodimlari, katta ma’lumotlar tahlili va davlat boshqaruvi bo‘yicha mutaxassislar, xalqaro tashkilotlardan iborat 100 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishdi.
Strategik islohotlar agentligi tomonidan tashkil etilgan konferensiya doirasida ishtirokchilar turli sohalarda davlat siyosatini ishlab chiqishda katta maʼlumotlardan foydalanish boʻyicha dolzarb tendensiyalar va xalqaro tajribani oʻrganishdi. Davlat xizmatchilarining bu boradagi malakasini oshirish hamda fuqarolar va tadbirkorlik subyektlariga sifatli xizmatlar ko‘rsatishni ta’minlashda elektron hukumatning rolini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Manfaatdor vazirlik va idoralar rahbarlari, shuningdek, katta maʼlumotlar bilan ishlash bo‘yicha xalqaro ekspertlar maʼlumotlar asosida qaror qabul qilishning turli jihatlarini oʻz ichiga olgan taqdimotlar bilan chiqish qilishdi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga yangi hukumat navigatsiya portali va “O‘zbekiston – 2030” milliy strategiyasi doirasidagi vazifalar ijrosini kuzatish imkonini beruvchi ma’lumotlarni vizuallashtirish bo‘yicha dasturiy majmua andozasi taqdim etildi.