Bugun, 8-fevral kuni Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazida buyuk alloma Alisher Navoiy tavalludining 581 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
O‘n sakkiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab, chun sarvinozim o‘n sakkiz yoshindadur.
Desa bo‘lg‘aykim, yana ham o‘n sakkiz yil husni bor,
O‘n sakkiz yoshinda muncha fitnakim boshindadur.
Besh asrdan ortiq vaqt o‘tsa-da, bu misralar o‘z qimmatini yo‘qotmadi. Ulug‘ mutafakkir bobomiz, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiyning boy ma’naviy merosi butun dunyoni hayratga solishda, insonlar qalbiga ezgulik, insonparvarlik, saxovat va mehr-muruvvat nurini taratishda davom etmoqda.
Kechada Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Abdumurod Tilalov mehmon sifatida ishtirok etdi. U Markaz xodimlariga ulug‘ mutafakkir bosib o‘tgan yo‘l, noyob ijodi, mamlakat rivojiga qo‘shgan hissasi haqida gapirib berdi. Tadbirda xodimlar ham faol ishtirok etib, Navoiy g‘azallaridan parchalar o‘qishdi.