Oilaviy poliklinikalarda bemorlarning ortiqcha navbat kutishiga chek qo‘yiladi

Oilaviy poliklinikalarda bemorlarning ortiqcha navbat kutishiga chek qo‘yiladi

05 noyabr 2021

Bugun oilaviy poliklinikaga borgan bemorni eng ko‘p qiynaydigan masala shifokor qabuliga kirish uchun uzundan uzoq navbatda turishdir. Ayniqsa, bu holat yosh bolali onalar, homilador ayollar hamda og‘ir kasalligi bor bemorlarga turli noqulayliklar tug‘dirishi bor gap.

Buning yechimi esa bitta – birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida avtomatlashtirilgan axborot tizimini joriy etish va bu orqali mavjud muammolarga barham berishdir.

Shu maqsadda bugun poytaxtimizning Yangihayot tumanidagi 66-sonli oilaviy poliklinikada ko‘p tarmoqli hamda oilaviy poliklinikalarni raqamlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi elektron dastur taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Unda Sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov, vazir o‘rinbosari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Alimov, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmalari, tuman tibbiyot birlashmalari boshliqlari, shifokor va hamshiralar hamda OAV vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda vazirning birinchi o‘rinbosari A.Inoyatov “Elektron poliklinika” axborot tizimini amaliyotga tatbiq etish sohada turli ovorgarchilik va qog‘ozbozliklarga chek qo‘yishi, xususan, shifokor va bemorlarga qator qulayliklar yaratishini alohida ta’kidladi hamda loyihani yanada takomillashtirish bo‘yicha mutaxassislarga takliflarini berdi.

Joriy yil Yangihayot tumanidagi tibbiyot muassasalarini to‘liq elektron platformaga o‘tkazish, hududdagi ko‘p tarmoqli va oilaviy poliklinikalarni lokal tarmoqqa ulash va modernizatsiya qilish uchun 52 242,5 ming so‘m mablag‘ ajratildi. Ayni paytda poytaxtning Chilonzor, Yashnobod va Yangihayot tumanlaridagi tibbiyot muassasalarini mazkur elektron dasturga ulash bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

— Yangihayot tumani ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi, 65 va 66-sonli oilaviy poliklinikalari jami 30 ta kompyuter jamlanmasi bilan ta’minlandi, — deydi Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i A.ALIMOV. — Bunda tuman bo‘yicha markaziy ko‘p tarmoqli poliklinika eksperiment tariqasida birinchi bo‘lib ushbu yangi elektron dasturga ulandi. Shu bilan birga, shifokorlarning dastur yordamida faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yilib, tizimdan foydalanishi bo‘yicha o‘qitildi.

Shunisi e’tiborliki, mazkur dastur ishga tushishi orqali shifokor va bemorning ortiqcha vaqti tejaladi, tibbiy xizmat sifati va samaradorligi oshadi. Shifokorlar faoliyati va ish yuklamasini muntazam kuzatib borish, statistik ma’lumotlarni shaffof tarzda yuritish imkoni yaratiladi. Shu bilan birga, fuqaroning avval qanday kasalliklar bilan og‘rigani, qanday muolajalar olgani va uning salomatligi bilan bog‘liq boshqa barcha ma’lumotlar bazada elektron shaklda saqlanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish lozimki, mazkur yangi elektron dastur tibbiyot xodimlari o‘rtasida tibbiy ma’lumotlar almashinuvi uchun xalqaro standartdagi (FHIR) dasturi hisoblanib, bir qator qulayliklarga ega.

Jumladan:

– haqiqiy vaqtda hisobotlarni qabul qilish va uzatish;

– shaxsiy va tibbiy ma’lumotlarni ajratish;

– Tibbiy ma’lumotlarning yuqori darajadagi xavfsizligi va nazorati;

– yangi tashkil etilgan tibbiyot muassasalarini tez va oson birlashtirish kabi qator imkoniyatlarga ega.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр