Sherzod Shermatov: «Maqsad faqat reytingni o‘zgartirish emas»

Sherzod Shermatov: «Maqsad faqat reytingni o‘zgartirish emas»

26 noyabr 2021

Bugun INHA universiteti binosida «O‘zbekiston – Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot hamkorlik forumi» bo‘lib o‘tdi.

Anjumanni ochish uchun so‘zga chiqqan Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, hozirda butun dunyo elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot masalalarini muhim o‘ringa qo‘yayotganini ta’kidlab, BMTning elektron hukumat reytingi bizga nima uchun kerakligiga alohida to‘xtaldi.

«Maqsad faqat reytingni o‘zgartirish emas. Reyting – bu xalqaro tendensiyalarda qanday ketayotganimizni ko‘rsatib beruvchi bir indikatordek gap, ya’ni unga qarab, avvalo, o‘zimizga o‘zimiz baho beramiz, nima ish qildik, qanday samaradorlikka erishdik (Boshqa davlatlarning bizga baho berishi bu yana bir masala).

Lekin shu o‘rinda dunyoda jadal o‘sish davom etayotganligini ham unutmasligimiz kerak. Agar boshqalar bizdan tezroq harakat qilayotgan bo‘lsa, xalqaro reytingda yana pastga tushib qolishimiz aniq. Shuning uchun biz yanada tezkorroq bo‘lishimiz zarur. Bu intilishlarimiz natijasi esa aholimiz va tadbirkorlarimizga yanada sifatliroq va yanada yaxshiroq xizmatlar ko‘rsatishimizda namoyon bo‘ladi» – deydi Sherzod Shermatov.

Tadbirda, shuningdek, AKT vazirining birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, O‘zbekiston—Koreya elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot hamkorlik markazi rahbari Ko Txek-Jin va boshqa xalqaro hamkorlar, Elektron hukumat va Raqamli iqtisodiyot markazlari rahbarlari, tizim xodimlari, shuningdek, davlat organlari va hududiy tashkilotlarning AKTga mas’ul mutaxassislari ishtirok etishdi.

Vazir nutqidan so‘ng forum qatnashchilariga katta ekran orqali O‘zbekistonda AKT sohasi rivoji yo‘lida qilingan ishlar va erishilgan natijalar sarhisobiga oid videolavha namoyish etildi.

Forumda Koreya mutaxassislari tomonidan 2021-yilda elektron hukumat sohasida amalga oshirilgan hamkorlik loyihalari natijalari ham taqdim etildi. Shu bilan birga ikki davlat o‘rtasida raqamli hukumat sohasida bilim va tajribalar almashildi.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр