Talaba guvohnomasi ID kartaga almashtiriladi

Talaba guvohnomasi ID kartaga almashtiriladi

15 noyabr 2021

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ishtirokida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda asosiy e’tibor oliy ta’lim tizimini raqamlashtirish masalasiga qaratildi.

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida jurnal, reyting daftarcha endi qog‘oz ko‘rinishda bo‘lmaydi. Talaba guvohnomasini ham ID kartaga o‘tkazish va unda barcha ma’lumotlar saqlanishi bo‘yicha budjet loyihasi hozirda muhokamaga qo‘yilgan.

Abduqodir Toshqulovning so‘zlariga ko‘ra, «dunyo tajribasida tizim raqamlashtirilsa, inson omili minimallashtirilsa, korrupsiya bo‘lmaydi».

Buning uchun Hemis axborot dasturi ishga tushirilgani va u orqali ma’muriy, o‘quv, ilmiy, moliyaviy yo‘nalishlar bo‘yicha barchasi raqamlashtirilishi ta’kidlandi. «Bu ochiqlik, shaffoflik, adolatni beradi, vaqtni iqtisod qiladi, eng muhimi xarajatni qisqartiradi», — dedi u.

Vazirning aytishicha, raqamlashtirish barcha jarayonga birdek ta’sir qiladi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rahbarining so‘zlariga ko‘ra, endi har bir fakultetga kirganda ko‘zga tashlanib turuvchi, A1 va A2 formatdagi o‘quv prorektori tasdiqlagan dars jadvali — bu ko‘rsatkich emas.

«Vazir, mas’ullar borganida talabaning qo‘lidan smartfonini olib, uni ilovada ko‘rsatib berishi, dars jadvali uning telefonida bo‘lishi kerak. Ota-onasining telefonida bo‘lishi kerak», — dedi u.

«Bu 10−15 yil oldin Yevropa, G‘arbda, Sharqda qilingan narsa. Lekin hechdan ko‘ra kech», — deya qayd etdi vazir.

Uning qo‘shimcha qilishicha, har bir rektor, har bir o‘qituvchi bundan manfaatdor bo‘lishi kerak.

Поделиться:
Единый портал интерактивных государственных услуг
Национальный правовой информационный центр